India
Hindiston rasman: Hindiston Respublikasi (Bhārat Gaṇarājya[1]) – Janubiy Osiyodagi davlat. Hududi shimoldan janubga 3 214 km, gʻarbdan sharqqa 2 933 km choʻzilgan. Shimolida Himolay togʻlari, gʻarbda Arabiston dengizi, sharqda Bengaliya qoʻltigʻi bilan oʻralgan. Hindiston tarkibiga Arabiston dengizidagi Lakkadiv va Amindiv orollari, Bengaliya qoʻltigʻidagi Andaman va Nikobar orollari ham kiradi. Maydoni – 3 287 263 km2 (1 269 219 sq mi[2][3], dunyoda 7-o‘rin). Aholisi – 1 463 865 525[4] kishi (2025-yil 7-yanvar, dunyoda 1-o‘rin). Poytaxti – Nyu-Dehli. Maʼmuriy jihatdan 28 ta shtat va 8 ta ittifoq hududidagi bo‘linadi.
Hindiston – federativ respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. Amaldagi konstitutsiyasi 1950-yil 26-yanvardan kuchga kirgan; keyinchalik oʻzgartishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (2022-yil 25-iyuldan Droupadi Murmu). U parlamentning ikki palatasi va shtatlarning qonun chiqaruvchi organlari aʼzolaridan iborat saylovchilar hayʼati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident ikki palata – Shtatlar kengashi (Raja sabxa) hamda Xalq palatasi (Log sabxa) dan iborat parlament, ijroiya hokimiyatni prezident va bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Hindiston qirgʻoqlari kam parchalangan, past, qumli. Asosan, Hindiston yarimoroli va Hind-Gang tekisligida joylashgan; Himolay va Qoraqurum togʻlarining bir qismini oʻz ichiga olali. Hindiston hududining 3/4 qismi tekislik va yassitogʻlik. Hindiston yarim orolning deyarli hammasini Dekan yassitogʻligi egallagan (sharqqa tomom 900 m dan 300 m gacha pasayib boradi).